ABIOGENEZ

ABIOGENEZ (Yunoncha a— inkor qo’shimchasi, bio… va genesis — kelib chiqish, paydo bo’lish) — tirik tabiatda mavjud bo’lgan organik birikmalarning organizm ishtirokisiz nobiologik yo’l bilan hosil bo’lishi. Keng ma’noda Abiogenez — tirik mavjudotlarning paydo bo’lishi, ya’ni hayotning vujudga kelishi haqidagi zamonaviy nazariyadir. Abiogenez to’g’risidagi eng qadimiy tushunchalar juda sodda bo’lib, tirik mavjudotlar anorganik yoki organik ulik moddalardan o’z-o’zidan paydo bo’ladi, degan farazga asoslangan edi. Tirik mavjudotlarning o’z-o’zidan paydo bo’lishi to’g’risidagi tushunchalarga 1861 yilda L. Paster uzil-kesil zarba berdi. Ammo Abiogenez to’g’risidagi zamonaviy nazariya organik moddalarning anorganik moddalardan sintezlanishi, pirovard natijada hayotning Abiogenez orqali paydo bo’lishini inkor etmaydi, Abiogenez I. Oparin va boshqa ko’pgina olimlarning fikricha, Yerda hayot uzoq davom etgan kimyoviy jarayonlar natijasida yer taraqqiyotining muayyan boskichida paydo bo’lgan. Qadimgi Geologik davrlarda yerdagi sharoit (temperatura, atmosfera tarkibi, nurlanish) organik moddalarning Abiogenez sintezlanishi uchun qulay bo’lgan. 20 – asr o’rtalarida oqsil va boshqa organik birikmalarning yerning qadimgi Geologik davrlardagi sharoitida abiogen yo’l bilan sintezlanishi tajribada isbot etildi.