AKAN

AKAN — Gana va Kot-D’Ivuar hamda Togoda yashovchi o’zaro yaqin xalqlar (Ashanti, Fanti, Akim, Akvapim, An’i, Baule, Gonja, Krachi, Abrong va boshqalar) guruhi. Ganada 7,76 million danziyod. Kot D’Ivuarda 2,3 million va Togoda 50 ming kishi yashaydi (1987). Akan va boshqa kva tillarida so’zlashadi. Akanlarda qadimiy diniy e’tiqodlar (animizm, ajdodlar ruhiga sig’inish) bilan birga, katolik dini ham keng tarqalgan, musulmon sunniylar ham bor. Negroid irqiga mansub. Akan tarkibidagi xalqlardan biri — ashanta 18-19 – asrlarda bir qancha qo’shni qabilalarni birlashtirib, Ashanti davlatini tashkil qilgan edi. 19 – asrning oxirida Ashanti davlati ingliz mustamlakachilari tomonidan bosib olindi. Milliy ozodlik kurashi kuchayishi tufayli, 1957 yil Akanlarning katta bir qismi ingliz mustamlakasi asoratidan ozod bo’lib, mustaqil davlat (hozirgi Gana) ga birlashdi. Akanlar, asosan, dehqonchilik (kakao o’stirish) bilan, ayrim tumanlarda chorvachilik (qoramol boqish) bilan shug’ullanadilar.