ALIJON G’IJJAKIY
ALIJON G’IJJAKIY (15-asr 2-yarmi) — hirotlik sozanda-bastakor, Hofiz. Darvishali Changiyning ta’kidlashicha, Alijon G’ijjakiy «Oliy majlislarning fusunkori», noyob iste’dod sohibi bo’lgan. Maqomdagi olti ovozning bir yo’lida ishlangan murakkab kuyi, turkiy zarb usulidagi «Juft hilolqamar»i, davr shohi usulidagi «Savti Dugoh»i Alijon G’ijjakiyning o’z zamonasidagi yetuk san’atkorlardan biri ekanligini ko’rsatadi. U naqshlarining ko’pini ustozi usta Shodiga bag’ishlagan. Bastakorning musiqiy asarlarini sozanda, xonandalar sevib ijro etishgan.