ARNA

ARNA (qadimgi Eroncha Ar(ir) — suv, sanskritcha Arnas — suv oqimi) — O’rta Osiyoda keng tarqalgan tarixiy termin. 1) Munis va Ogahiy asarlarida, vaqf va meros hujjatlarida, Xiva xonlari arxivi hujjatlarida «Arna»so’zi kanal nomiga qo’shilib kelgan. Masalan, Alfoqarna. Arna atamasi zamirida «suv yo’li» degan ma’no yotadi. Xorazmda bosh kanal Arna deb ataladi: Qilichboyarna, Otaliqarna, Shovotarna, Urgancharna va hokazo. O’zbekistonning ba’zi joylarida, chunonchi Zomin, G’allaorol, Jizzax tumanlarida kichik jarni Arna deyishadi. Qozog’istonda Arna deganda daryo o’zani, Zarafshon etaklarida quruq o’zan, boshqa yerlarda soy, daryo tarmogi tushuniladi. Chunonchi Qirg’izistonda Kattaarna, Kichikarna degan soylar, Dog’istonda Arnabuloq, Arnagvay nomli joylar bor; 2) buyvolning ko’pincha suvda yashaydigan bir turi arni deb ataladi; bu hayvon Mahmud Koshg’ariyda «suv sigiri» deb atalgan.