Bozorshab, Bozori shab

Bozorshab, Bozori shab (forscha-kechki bozor)-o’tmishda Turkistonning yirik shaharlaridagi tungi bozor. Odatda, ko’proq bayram va ro’za kunlari uyushtirilib, ommaviy ko’ngil ochish kechalari bilan qo’shib o’tkazilgan. Bozorshabda shaharning markaziy ko’chalaridan biri yoki maydon bezatilgan, ko’chaning ikki chetidagi choyxona va do’konlar oldiga chorpoyalar qo’yilib, har xil shirinlik-qandolat, meva-cheva, oziq-ovqat sotilgan. Kaynay, sunray va nog’oralar chalinib, maxsus jarchilar odamlarni Bozorshabga chorlagan. Dorlar qurilib, masxarabozlar, qo’g’irchoqbozlar o’yin ko’rsatgan, o’rgatilgan hayvonlar, ayniqsa, ayiq o’yini namoyish qilingan, polvonlar kurashgan. Choyxonalarda sozanda, xonanda, askiyachi, qiziqchi, raqqoslar o’z san’atlarini namoyish qilganlar. Bozorshab har joyning urf-odatiga qarab turli shaharlarda turlicha o’tkazilgan.