FREGATSIMONLAR

FREGATSIMONLAR (Fregatidae) dengiz saqoqushlari oilasi. Uzunligi 78-104 santimetr. Tumshug’i uzun, uchi juda egilgan, qanotlari uzun (2 metrgacha) va ingichka. Barmoqlarida uzun tirnoqlari bor; suzgich pardasi faqat barmoqlari asosida rivojlangan. Yengil va chiroyli uchadi. Dam olish uchun suvga qo’nmaydi (dumg’aza bezi yaxshi rivojlanmagan, qanotlari xo’l bo’lib qoladi). Okeanlardagi orollarda 5 turni o’z ichiga olgan bitta urug’i (fregatlar) bor. Guruh bo’lib daraxt, qoyalar yoki yerga in kuradi. 1 ta, ba’zan 2 ta tuxum bosadi. Baliqlar va dengiz umurtqasizlari bilan oziqlanadi. O’ljasini pastlab uchib suvdan ushlaydi. Boshqa qushlar koloniyasi yaqinida yashaydi; ularning o’ljasini va jo’jalarini o’g’irlaydi. 2 turi xalqaro qizil kitobga kiritilgan.