Nadr Muhammadxon

Nadr Muhammadxon, Nodir Muhammadxon ibn Dinmuhammadxon ibn Jonibek Sulton (1592 — taxm. 1651) — ashtarxoniylardan bo’lgan Buxoro xoni (1642-45). Balx hokimi (1606-42). Nadr Muhammadxon davrida mamlakatda ichki nizolar kuchayib, hatto farzandlari (12 ta o’g’li) ham unga buysunmay qo’ygan. Bunga uning o’ta takabburligi, mol-mulkka o’chligi, qaysarligi sabab bo’lgan. Bu esa aholining umumiy noroziligini keltirib chiqargan. Bundan tashqari, shim.dan ko’chmanchilar mamlakat hududiga hujum qilib uni talon-toroj etmoqda edilar. Nadr Muhammadxon ularga qarshi o’g’li Abdulazizni yuboradi. Biroq Nadr Muhammadxondan norozi Amirlar harbiy safar chog’ida Abdulazizni xon deb e’lon qiladilar. Bundan xabar topgan Nadr Muhammadxon Balxga ketishga majbur bo’lgan va boburiylardan Shoh Jahontsan yordam berishni so’ragan. Shoh Jahon ikki o’g’li (Murodbaxsh va Avrangzeb)ni katta qo’shin bilan Balxga jo’natib, ularga viloyatni bosib olishni topshiradi. Boburiylarning niyatidan voqif bo’lgan Nadr Muhammadxon ularga qarshi chiqib, Maymana yo’lida jangda yengiladi va Eronga shoh Abbos II (1642-67) panohiga qochadi va u yerda 2,5 yilcha qolib ketadi. Boburiylar Balx viloyatini 2 yil g’orat qilishgan. Muttasil janglar, mamlakatdagi ocharchilik, qattiq qish hindistonlik askarlarga salbiy ta’sir qilgan. Shoh Jahon askarlarini Hindistonga chaqirib olishga majbur bo’ladi. Balxni esa Erondan taklif etilgan Nadr Muhammadxonga topshiradi. Bu Nadr Muhammadxonning o’g’illarini yana tashvishga solib, ularni birlashishga majbur qilgan. Abdulazizxon ukasi Subhonqulini Balxga noib etib tayinlaydi (1651). Nadr Muhammadxon taxtdan voz kechib Makkaga, haj safariga ketishga majbur bo’ladi va yo’lda vafot etadi. Madina yaqinidagi akasi Imomqulixon qabri yoniga dafn etilgan. Muhammad Yusuf Munshiyning yozishicha, Nadr Muhammadxonning yuk ortilgan 600 tuyasi, 8000 ajoyib tulpor otlari, 80 ming Qorako’l ko’yi bo’lgan. Nadr Muhammadxonning xazinasida farangi barxat matolarga to’la bir necha sandiqlar saqlangan. Maxmud ibn Vali Nadr Muhammadxon farmoni bilan mashhur asari — «Bahr ul Asror» («sirlar dengizi»)ni yozgan.