Oq ilon, chipor ilon

Oq ilon, chipor ilon (Coluber ravergieri) — suvilonsimonlar oilasiga mansub tur. Gavdasining uzunligi 1 — 1,5 metr. Terisi kulrang, ba’zan sarg’ish, yashil tusda tovlanadi. Kaltakesaklar, qushlar va kemiruvchilar bilan oziqlanadi. Kunduzi devor yoriqlarida, toshlar tagida, turli kemiruvchilar inida, ba’zan odam yashaydigan binolarda yashirinib yotadi, ertalab va kechqurun faol. Urg’ochisi iyun—iyul oylarida 5-20 ta tuxum qo’yadi. Tuxumdan bolasi avgust— sentabrda chiqadi. Oq ilon aprel—may oyida po’st tashlaydi. Misr, O’rta Osiyo, jumladan, O’zbekiston, Zakavkaze, shimoli-g’arbiy Hindistonda tarqalgan. O’zbekistonda tipik kenja turi uchraydi. Zaharsiz, bezovta qilinsa, tishlaydi.