Oq masjid

Oq masjid — Xivadagi me’moriy yodgorlik (18— 19-asrlar). Uch tomoni ayvonli, bir xonali guzar masjidi. Tarhi 25,5 x 13,5 metr. Xonaqoh (6,3×6,3 metr) ning gumbazi chorsi asosga o’rnatilgan. Gumbazi va asosi uzoqdan oppoq bo’lib ko’rinadi (nomi ham shundan). Xonaqoh ichiga ishlangan chuqur ravoklar hisobiga keng ko’rinadi. Janubiy devorida mehrob bor. Gumbaz osti bag’allari 4 pog’onali muqarnaslar bilan to’ldirilgan. Panjaralar va 3 eshik girih naqshlar bilan o’ziga xos uslubda bezatilgan (naqshlarni ota-bola Nurmuhammad Odina Qalandar o’g’li va Qalandar Saidmuhammad o’g’li bezagan). Yog’och-ustunlar oddiy, faqat ustunlarning yuqori qismi Xotamkori piliklardan terib bezatilgan. Oq masjid ta’mirlangan, ayvon sufasi tiklangan, tomi va devorlari tuzatilgan.