Oqdaryo tumani

Oqdaryo tumani — Samarqand viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. Ishtixon, Pastdarg’om, Samarqand, Jomboy, Payariq tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,37 ming km2. Aholisi 101,7 ming kishi (2000). Oqdaryo tumanida 2 shaharcha (Dahbed, Loyish), 6 qishloq fuqarolari yig’ini (Zarafshon, Primkent, Yangikent, Yangiqo’rg’on, Qorateri, Qurilish) bor (2000). Markazi — Loyish shaxarchasi. Tabiati. Tuman hududi Zarafshon daryosining irmoklari — Qoradaryo va Oqdaryo vodiysida joylashgan. Yerning ustki qismini daryolar olib kelgan allyuvial yotqiziqlar qoplagan. Relefi, asosan, yassi tekislik bo’lib, sharqdan g’arbga Nishab. Yer yuzasining balandligi 450 metr. Zarafshon daryosining faoliyati natijasida ko’hna qayirlar (terrasalar) hosil bo’lgan. Iqlimi kontinental. Shimol, shimoli-Sharq va Sharq tomondagi tog’lar Arktikadan keluvchi sovuq shamollarni to’sib turadi. Yanvarning o’rtacha temperaturasi —g, iyulniki 27— 28°. Yiliga o’rtacha 200-300 mm yog’in yogadi. Vegetatsiya davri 217 kun. Tuproqlari qadimdan sug’oriladigan 1-2% chirindili bo’z tuproq. Yovvoyi o’simliklardan qamish, bug’doyik, sho’rajrik, kampirsoch, yulg’un va boshqalar o’sadi. Bo’ri, tulki, quyon, chiyabo’ri, jayra, to’qayzorlarda qirg’ovul, loyxo’rak, o’rdak, so’fito’rg’ay, chug’urchiq, zarg’aldoq; sudraluvchilardan gekkon kaltakesagi, toshbaqa, sariq ilon, echkemar; kemiruvchilardan ko’rsichkon, kichik Ko’shoyoq, qumsichqon, tipratikan, yumronkoziq, kalamush va boshqalar bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar; tojik, rus, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 da 275 kishi. Xo’jaligi. Tumanda g’isht zavodi, maishiy xizmat ko’rsatish kombinati, meva ko’chatlari yetkazib beruvchi xo’jalik, bo’rdoqichilik bazasi, kurilish boshqarmasi, konserva zavodlari, MTP mavjud. Qishloq xo’jaligining barcha tarmoqlari rivojlangan. Paxtachilik — yetakchi tarmoq. Tumanda 18 shirkat, 456 fermer xo’jaligi mavjud. Qishloq xo’jaligida foydalaniladigan yerlarning 8501 gektariga paxta, 736 gektar yerga kartoshka, 871 gektar yerga sabzavot, poliz ekinlari ekiladi. 11,6 ming gektardan ziyod yer mevazor, 45,7 ming gektardan ziyod yer tokzor va tutzorlar bilan band. Tuman xo’jaliklarida 17,4 ming qoramol, 12,1 ming qo’y va echki, 1000 dan ziyod ot, 56 ming parranda boqiladi. 49 ta umumiy ta’lim maktablarida 30350 o’quvchi ta’lim oladi. Musiqa, maxsus internat maktablari, pedagogika, mexanika, iqtisodiyot kollejlari, kasb-hunar maktablari faoliyat ko’rsatadi. Markaziy kutubxona va uning tarmoqlari, madaniyat markazi va madaniyat uylari, madaniyat va istirohat bog’i, stadion mavjud. Markaziy kasalxona (286 o’rin) va unga qarashli tibbiy muassasalarda 170 vrach va 970 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Tuman hududini katta Zarafshon magistral yo’li kesib o’tgan. «Oqdaryo ovozi» tuman gazetasi chiqadi.