Qaffol shoshiy maqbarasi

Qaffol shoshiy maqbarasi — Toshkent shahridagi me’moriy yodgorlik (16-asr); Hazrati Imom (Hastimom) nomi bilan mashhur bo’lgan Imom Abu Bakr Muhammad ibn Ali Ismoil Qaffol ashshoshiyga atab, uning qabri ustiga qurilgan. Dastlabki maqbara saqlanmagan. Qaffol shoshiy maqbarasi me’mor G’ulom Husayn tomonidan 1541-42 yillarda chorsi (25x26x5 santimetr) pishiq g’ishtdan bunyod etilgan. Maqbara chorgoq tarxli (13,3×12,5 metr), katta xona va uning to’ridagi sag’anali xonadan iborat. Katta xona (6×6 metr) ning uch tomoni peshtoqli, qo’sh qavatli gumbaz bilan yopilgan. Bosh peshtoq va uning 2 yonidagi burjlari an’anaviy usulda. Maqbara burchaklarida 2 va 3 qavatli 8 yoqli va to’rtburchak tarhli hujralar bor. Eshik tepasidagi kitobada maqbara qurilgan sana, me’mor va xattotning nomi yozilgan; poygumbazidagi yozuvlar saqlanmagan. Maqbaraning tarzlari bezaksiz, derazalariga panjaralar ishlangan. Maqbara poliga mavjli qilib g’ishtlar yotqizilgan. Qaffol shoshiy maqbarasi asosida keyinchalik Hazrati Imom majmuasi vujudga kelgan.