Qirqqiz qal’asi

Qirqqiz qal’asi – Surxondaryo viloyatidagi me’moriy yodgorlik (9-10- asrlar); Termiz tumanida (vayrona holida saqlangan). Nima maqsadda qurilganligi (qal’a, saroy , xonaqoh, karvonsaroy) haqida ma’lumot yo’q. O’rta asrlarda Termiz shahrining tashqarisida joylashganligi qal’a shahar tashqarisidagi qo’rg’on vazifasini o’taganligini ko’rsatadi. U dunyo tomonlariga moslab qat’iy mujassamotda bunyod etilgan. Qala to’rtburchak tarhli (53,3×54,8 metr), 1 qavatli, faqat yo’laklar umumiy balandlikda 2 qavatli bo’lib, xom g’isht (30x30x5 — 5,5 santimetr) lardan qurilgan, toq va ravoqlarida shu o’lchamdagi pishiq g’ishtlar ham ishlatilgan; qalin devor bilan o’ralgan (tashqi devor qalinligi 2-2,5 metr), burchaklari hajmdor Burjlar bilan mustahkamlangan; Burjlar oralig’ida toklar bilan yopilgan ayvonlar joylashgan, tarzlariga bir maromda takrorlanuvchi tuynuklar ishlangan. Qal’aning barcha xonalari va markazdagi sahn (11,5×11,5 metr) o’zaro yo’laklar bilan bog’langan; Markaziy sahn hovli yoki gumbazli zal bo’lgan deb taxmin qilinadi. Ayvon va yo’laklar binoni 4 qismga bo’lgan. Bular: 2 ta bir xil tuzilgan (5 xona va 3 tomonidan o’ralgan yo’lak, eni 2,1 metr) shimoliy-g’arbiy va shimoliy-Sharqiy hamla 2 ta Janubiy-g’arbiy (2 ga yo’lakcha bilan bog’langan 5 ta xona) va Janubiy-Sharqiy (yo’lakcha bilan bog’langan 2 ta xona va 3 ustunli katta mehmonxona) qismlardir. Yo’laklar va xonalar devordagi tuynuklar orqali yoritilgan. Qirqqiz qal’asi yopmasida balxi hamda kesishgan gumbazsimon toqlar, boshqa turlardagi gumbazlar, toqlar va ravoqlar qo’llanilgan. Og’zaki ma’lumotlarga ko’ra, xalq dostonlarida zikr etilgan dushmanlar hujumini qaytara olgan qahramon qiz Guloyim va uning 40 dugonasi aynan shu erda yashagan. Shuningdek, 20-asrgacha xalq tomonidan Qirqqiz qal’asi manzili «shahri somon» deb ham atalgan.