Qochirish, urug’lantirish

Qochirish, urug’lantirish — urg’ochi chorva mollarini urchitish usuli; urg’ochi mollarni erkaklari bilan tabiiy yoki sun’iy juftlashishi urug’lantirish. Urg’ochi mollarni q. ularning optimal jinsiy tsiklida amalga oshiriladi, jumladan, sigirlarda yil davomida tuqqanidan keyin jinsiy tsiklning birinchi (18 — 30 kundan so’ng) yoki ikkinchi (60-80 kundan so’ng) bosqichida o’tkaziladi. Qo’y, echki, yilqi, tuya, go’shtdor zotli qoramollar mavsumiy — qo’y-echkilar oktabr-noyabr oylarida, ot, tuya, go’shtdor zotli qoramollar bahor-yoz oylarida qochiriladi. Cho’chqalarda Qochirish yil davomida o’tkaziladi. Qochirish tuxum hujayrani otalantirish bilan yakunlanadi. Hayvonlar, asosan, erkin sharoitda (erkak va urg’ochi mollar yaylovda otar yoki qo’tonda birga boqilganda) hamda stanokda va sun’iy usulda (erkak va urg’ochi mollar bir-biridan ajratib boqilganda) qochiriladi. Stanokda va sun’iy usulda Qochirish rejali nazorat ostida erkak moldan nasl olishda foydalanish, yil davomida nasl olish vaqtini tartibga solish hamda hayvonlarni tanlash imkonini beradi. Qoramolchilik, qo’ychilik, echkichiliksh Qochirishning eng samarali usuli sun’iy qochirish hisoblanadi.