Qo’ng’irot-Beynov avtomobil yo’li

Qo’ng’irot-Beynov avtomobil yo’li (4R189) – xalqaro magistral avtomobil yo’li. Qo’ng’irotni Ustyurt orqali Qozog’iston Respublikasining muhim temir yo’l chorrahasi hisoblangan Beynov shahri bilan bog’laydi. Umumiy uzunligi 316 kilometr. O’zbekiston Respublikasini shimoli-g’arbdan Qozog’iston Respublikasi orqali Yevropa, Rossiyaning Markaziy, Janubiy, Ural mintaqalariga bog’lovchi, portlar, yirik transport yo’laklariga chiqishga imkon beradigan, tranzit kirish-chiqishni ta’minlaydigan strategik muhim transport arteriyasi. 1972 yili ishga tushirilgan Qo’ng’irot — Beynov temir yo’l qurilishi bilan bir vaqtda barpo etilgan. Transport qatnovi jadalligi o’sib borayotganligini hisobga olib, 4-darajali, qatnov qismining kengligi 10 metr bo’lgan qora to’shamali mavjud yo’lni 1-darajali asfalt-beton to’shamali qilib qayta ta’mirlash loyihasi 2002 yilda ishlab chiqilgan. Yo’l shu loyiha asosida kengaytirilib, qurilish ishlari davom etmoqda va 2006 yilda to’liq foydalanishga topshiriladi. Trassa turli darajada sho’rlangan qo’ng’ir-kulrang tuproqli cho’l zonasidan o’tgan, iqlimi keskin Kontinental, eng issiq harorat 46° (avgust), eng sovug’i -40° dekabr va yanvarda kuzatiladi. Qo’ng’irot va Jaslik stansiyalarini hisobga olmaganda trassa yo’nalishi bo’ylab aholi yashamaydi. Tohirjon Mirzayev.