Qurbonov Yo’ldosh Rahimovich

Qurbonov Yo’ldosh Rahimovich (1929.20.4, To’rtko’l shahri – 1981.31.1, Toshkent) — O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1979), qishloq xo’jalik fanlari nomzodi (1959). O’zbekiston qishloq xo’jaligi instituti zootexnika fakultetini tugatgan (1953). 1953-55 yillarda shu institutda o’qituvchi, O’zbekiston chorvachilik institutida bo’lim mudiri, ilmiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari (1958— 61), Qoraqalpog’iston qishloq xo’jaligi vaziri (1961-62), Qoraqalpog’iston dehqonchilik ilmiy tadqiqot instituti direktori (1962-65), To’rtko’l tumani partiya komiteti 1-kotibi (1965-70), O’zbekiston KP MK kotibi (1970, sentabr – 1981). To’rtko’l tumanida jamoa xo’jaligiga, o’rta maktabga, Toshkent shahridagi ko’chalardan biriga Qurbonov nomi berilgan.