Qurolsizlanish

Qurolsizlanish – urush olib borish vositalarini butunlay yo’qotish yoki ularni qisman kamaytirish hamda urush xavfini bartaraf etish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar tizimi. Qurolsizlanish xalqaro huquqning tamoyillaridan biri bo’lib, uning yuridik mohiyatini 3 me’yoriy belgi: umumiy xarakterdagi majburiyatlar (Qurolsizlanish borasida amaliy choralarni ishlab chiqish); dasturiy xarakterdagi normalar (qurollar va qurolli kuchlarni to’liq yo’q qilish yo’li bilan Qurolsizlanishga erishish); kafolat xarakteriga ega bo’lgan majburiyatlar (amaldagi shartnomalar qoidalarini to’liq bajarish) tashkil etadi. Qurolsizlanish xalqaro doirada BMTning 2 asosiy organi — Bosh Assambleya va xavfsizlik Kengashiga topshirilgan. BMT huzurida barcha tashkilot a’zolaridan iborat Qurolsizlanish komissiyasi tashkil etilgan. Qurolsizlanishning 2 turi: yalpi va qisman Qurolsizlanishni ajratib ko’rsatish mumkin. Yalpi Qurolsizlanish deganda: 1-dan, qurolli kuchlarni yo’q qilish, harbiy tashkilotlarni bartaraf etish, qurol ishlab chiqarishni to’xtatish, shuningdek, ularni yo’q qilish hamda tinchlik davrida qurollardan foydalanishni man etish; 2-dan, yadroviy, kimyoviy, bakteriologik va boshqa ommaviy qirg’in qurollarining barcha zaxiralarini yo’q qilish hamda shu turkumdagi qurollarni ishlab chiqarishni to’xtatish; 3-dan, ommaviy qirg’in qurollarini eltib berish vositalarining barcha turlarini yo’q qilish; 4-dan, mamlakat harbiy faoliyatini uyushtiruvchi muassasalar hamda tashkilotlarni bartaraf etish, harbiy ta’lim berishni to’xtatish, harbiy o’quv yurtlarini yopish; 5-dan, mablag’larni harbiy maqsadlarda ishlatishni to’xtatish tushuniladi. Davlatlar faqat yadroviy bo’lmagan qurolli kuchlar, vositalar va tashkilotlarni saqlab qolishi mumkin. Ular kelishuvga binoan ichki tartib-qoida va fuqarolarning shaxsiy xavfsizligini ta’minlash uchun zarurdir. Qisman Qurolsizlanish yadroviy qurolsizlanish, yadroviy qurollardan foydalanishni, yadroviy qurollar sinovlarini man etish, yadroviy qurollarni tarqatmaslikni o’z ichiga oladi. Shuningdek, yadro qurollaridan xoli zonalar tashkil qilish, strategik qurol-yarog’larni cheklash va kamaytirish, kimyoviy va bakteriologik qurollarni man etish va nihoyat, oddiy qurollarni va qurolli kuchlarni qisqartirish ham qisman Qurolsizlanish yo’lida amalga oshiriladigan choralar hisoblanadi.