Rahimjonov Abdumannon Rahmonovich

Rahimjonov Abdumannon Rahmonovich (1927.18.8 — Toshkent — 2004.25.1) — nevropatolog olim. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademik (2000), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi. (1977). Tibbiyot fanlari Doktori (1964), professor (1965). ToshTIni tugatgach (1949), O’zbekiston travmatologiya va ortopediya ilmiy tadqiqot institutida ordinator (1949-50), Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining nerv kasalliklari kafedrasida ordinator (1950-54), assistent (1954-59), dotsent (1959-65). 1967 yildan kafedra mudiri, institut rektori (1984 — 97). Ilmiy ishlari, asosan, miya gipotalamik (dientsefal) sohasining revmatizm oqibatida zararlanishini o’rganish, gipotalamik sindromning klinikasi va diagnostikasini aniqlashga oid. Rahimjonov neyrotonzilyar kasalliklarning original tasnifini tuzdi. Uning rahbarligida «chap yarim sharlar» va «o’ng yarim sharlar» epilepsiyasi, miya insultida uyquning buzilishi, diagnostikasi va davosi, «kunduzgi» va «tungi» ishemik insultlar xronopatologiyasi va xronoterapiyasi bo’yicha ishlab chiqilgan uslubiy tavsiyanomalar amaliy tibbiyotga tatbiq etildi. As: Revmaticheskie zabolevaniya nervnoy sistemi. T., 1980; epilepsiya i funktsionalnoe sostoyaniya mozga. T., 1985 (chamkorlikda); Tunelnie kompressionno-ishemicheskie nevropatii, T., 1988; Sosudistie zabolevaniya golovnogo mozga, T., 1991 (hamkorlikda).