Rozenblyum Leonid Moiseyevich

Rozenblyum Leonid Moiseyevich (1910, Simferopol — 1983, Toshkent) — ixtirochi olim; paxta terish mashinalari ixtirochilaridan biri. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan va texnika arbobi (1961). Butunittifoq Qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalashtirish va elektrlashtirish institutida (Moskva) (1930-39), O’rta Osiyo Qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalashtirish va elektrlashtirish institutida ilmiy xodim (1940-58), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Mexanika va inshootlarning seysmik mustahkamligi institutida katta xodim, bo’lim mudiri (1958 yildan). Rozenblyum rahbarligida pnevmatik, mexanik paxta terish mashinalarining tajriba nusxalari tayyorlangan, gorizontal va vertikal shpindelli mashinalarni yaratish borasida ilmiy va amaliy ishlar olib borilgan. Rozenblyum O’zbekiston sharoiti uchun vertikal shpindelli mashinalarning afzalligini isbotlagan va bir necha turini yaratgan. U paxta terish mashinalariga taalluqli 25 dan ortiq ixtiro muallifi. Vertikal shpindelli paxta terish mashinasi uchun mualliflik guvohnomasini olgan (1937). Davlat mukofoti laureati (1950). As: Tryoxkratnaya obrabotka Kustov xlopchatnika vertikalnoshpindelnim apparatom, T., 1967 (hamkorlikda).