Shabbo’y

Shabbo’y (Matthiola) — butguldoshlarga mansub bir, ikki va ko’p yillik manzarali o’simliklar turkumi. Yevropada, G’arbiy va O’rta Osiyoda, shimoliy va Janubiy Afrikada 55 ga yaqin turi ma’lum. Madaniy holda o’sadigan Shabbo’yning bo’yi 20-80 santimetr. Barglari nashtarsimon yoki qatma-qat. Gullari oddiy, shingillarga to’plangan, qatmaqat, chiroyli, xushbo’y, rangi turlicha. Gulchilikda Shabbo’yning qishki va yozgi turlari ekiladi. Yozgi turlarining ko’pgina navlari gulzorlarda yoki tuvaklarda manzarali o’simlik sifatida o’stiriladi. Ayniqsa, oqshomda gullaydigan Shabbo’yning (M. bicornis) bir yillik turi qadrlanadi. Urug’idan ko’paytiriladi. Urug’lari Fevralda issiqxonalarda ekiladi. May oyida ko’chatlari gulzorlarga o’tqaziladi. Iyundan — avgustgacha gullaydi.