Shartli hukm

Shartli hukm — jinoyat huquqida nazarda tutilgan jinoyat-huquqiy choralardan biri. O’zbekiston Respublikasi JKga ko’ra, agar sud ozodlikdan mahrum qilish, intizomiy qismga jo’natish, xizmat bo’yicha cheklash yoki axloq tuzatish ishlari jazolarini tayinlash vaqtida sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, aybdorning shaxei va ishdagi boshqa holatlarni e’tiborga olib, aybdor tayinlangan jazoni o’tamasdan turib ham uning xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin, degan qat’iy fikrga kelsa, Shartli hukm qo’llanishi mumkin (JK, 72-modda). Shartli hukm qo’llanilayotganda sud sinov muddati belgilaydi, ana shu muddat davomida Shartli hukm qilingan shaxs o’zining xulqi bilan tuzalayotganligini isbotlashi kerak. Sinov muddati 1 yildan 3 yilgacha belgilanadi va xukm chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi. Shartli hukm qilingan shaxslarning xulqi ustidan ichki ishlar organlari, harbiy xizmatchilar xulqi ustidan esa, harbiy qism yoki muassasaning qo’mondonligi nazorat olib boradi. Ana shu nazorat olib boruvchi organning takdimi bilan sud sinov muddati davomida hukm qilingan shaxsga yuklatilgan majburiyatlarning hammasini yoki bir qismini olib tashlashi yoki uning zimmasiga yangi majburiyatlar yuklashi ham mumkin. Shartli hukm o’ta og’ir jinoyati uchun hukm qilinganlarga, shuningdek, ilgari qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etish jazosiga xukm qilinganlarga nisbatan qo’llanmaydi, 18 yoshga to’lmagan shaxslar, 1 va 2-guruh nogironlari, ayollar, shuningdek, 60 yoshdan oshgan shaxslar bundan mustasno.