Toponimika

Toponimika (Yunoncha topos — joy va onyma — ism, nom) — onomastikattt joy nomlari (geografik atoqli nomlar) ni, ularning paydo bo’lishi yoki yaratilish qonuniyatlarini, rivojlanish va o’zgarishini, tarixiyetimologik manbalari va grammatik xususiyatlarini, ularning tuzilishini, tarqalish hududlari hamda atalish sabablarini o’rganuvchi bo’limi. Muayyan bir hududdagi joy nomlari majmui — toponimiya, alohida olingan joy nomi esa toponim deb ataladi. Toponimlar ham, til leksikasining bir qismi sifatida boshqa hamma so’zlar singari til qonuniyatlariga bo’ysunadi, lekin o’zining paydo bo’lishi va ba’zi ichki xususiyatlari jihatidan jamiyatning kundalik moddiy va ma’naviy holati, iqtisodiy turmushi, orzu va intilishlariga aloqador bo’lib, ma’lum darajada boshqa guruh so’zlardan farq qiladi. Shu bilan birga, toponimlarda milliy tilimizga xos bo’lgan qadimiy fonetik, leksik va morfologik elementlar ko’proq saqlangan bo’ladi. Joyning tabiiy geografik sharoiti (relef), aholining etnik tarkibi, kishilarning kasbi va mashg’uloti, qazilma. boyliklar, tarixiy shaxslar va voqealar toponimlar vujudga kelishining asosiy manbalari hisoblanadi. Toponimika geografiya, tarix, etnografiya bilan chambarchas aloqada rivojlanadi. Toponimiya til tarixi (tarixiy leksikologiya, dialektologiya, etimologiya va boshqalar)ni tadqiq etishda muhim manba hisoblanadi, chunki ba’zi toponimlar (ayniqsa, gidronimlar) arxaizm va dialektizmlarni o’zgartirmasdan barqaror saqlab qoladi, ko’pincha muayyan hududda yashagan xalklarning substrat tillariga borib taqaladi. Toponimika xalqlarning tarixiy o’tmishi xususiyatlarini jonlantirishga, ularning joylashish chegaralarini belgilashga, tillarning o’tmishdagi tarqalish hududlarini, madaniy va iqtisodiy markazlar, savdo yo’llari va shu kabilar geografiyasini tavsiflashga yordam beradi. Toponimlarning amaliy transkripsiyasi, ularning dastlabki asosga ko’ra hamda bir xil yozilishi, boshqa tillarda berilishi Toponimikaning amaliy jihati hisoblanadi. Toponimlar yirik yoki mayda ob’yektlarning nomlari ekanligiga qarab makrotoponimlar va mikrotoponimlarga ajratiladi: makrotoponimlar — keng hududlar, katta ob’yektlar (materiklar, okeanlar, tog’lar, cho’llar, daryolar, shaharlar, qishloqlar va shu kabi)ning atokli otlari; mikrotoponimlar — kichik ob’yektlar (jarliklar, tepaliklar, quduqlar, ko’chalar, qo’rg’onlar va shu kabi) ning atoqli otlari. Lekin toponimlarni bunday tasnif qilish shartli, chunki ko’pincha makrotoponim bilan mikrotoponimni farqlash qiyin. Turli xil geografik ob’yektlarni atovchi nomlarning kategoriyalariga muvofiq ravishda Toponimikaning quyidagi bo’limlari ajratiladi: gidronimika — suv havzalari: Daryo, kanal, soy, ariq, buloq, ko’l kabilarning nomlarini o’rganuvchi soha; oykonimika — aholi yashash maskanlari va ularning qismlari: qishloq, mahalla, guzar, ko’cha, ovul, qo’rg’on nomlarini o’rganuvchi soha; oronimika — yer yuzasining relef shakllari: tof, cho’qqi, qoya, qir, tepa, qiya nomlarini tekshiradigan soha; urbanonimika — shahar ichidagi har qanday ob’yektlar nomlarini o’rganuvchi soha; kosmonimika — Yerdan tashqaridagi ob’yektlar (osmon jismlari) nomlarini o’rganuvchi soha va boshqalar. So’nggi 40-45 yil ichida Toponimikaning nazariy va amaliy asoslari ishlab chiqildi, Toponimika sohasida bir qancha tadqiqotlar maydonga keldi. Bunda rus olimlaridan V. A. Nikonov, A. V. Superanskaya, A. P. Dulzon, E. M. Murzaev, V. N. Toporov, O. N. Trubachev, o’zbek nomshunoslaridan H. Hasanov, E. Begmatov, T. Nafasov, S. Qoraev, Z. Do’simov va boshqalarning xizmatlari katta bo’ldi. O’zbekiston toponimiyasi 20-asrning 60-yillaridan ilmiy asosda o’rganila boshlandi: Qashqadaryo, Xorazm, Toshkent, Surxondaryo, Samarqand, Margilon, Qo’qon, Buxoro, Boysun, Mirzacho’l, Shahrisabz, Nurota hududlaridagi joy nomlari tadqiq etildi, Toponimikaga oid bir necha lug’atlar, risola va monografiyalar nashr etildi. H. Hasanovning «Yer tili» (1977), S. Qorayevning «geografik nomlar ma’nosi» (1978), Z. Do’simovning «Xorazm toponimlari» (1985), T. Nafasovning «O’zbekiston toponimlarining izohli lug’ati» (1988), N. Oxunovning «Joy nomlari ta’biri» (1994) va b. shular jumlasidandir. Ad..Nikonov V. A., Vvedenie v toponimiku, M., 1965; Murzaev E. M., Ocherki toponimiki, M., 1974. Ernst Begmatov, Nosirjon Oxunov.