TSITOPLAZMA

TSITOPLAZMA (TSITO… va Yunoncha plasma — shakllangan) — hujayraning yadro bilan plazmatik membrana oralig’ida joylashgan asosiy tarkibiy qismi. Tsitoplazma kolloid sistema — gialoplazma, organoidlar va kiritmalardan tashkil topgan. Tsitoplazmadagi kolloid zarrachalar va boshqa tarkibiy qismlar doim harakatda bo’ladi. Mikrofibrilla, mikronaychalar va boshqa tolasimon tuzilmalar hujayraning harakat-tayanch sistemasi hisoblanadigan tsitoskeletni hosil qiladi. Hayvon hujayralari Tsitoplazmasi organoidlari kam bo’lgan, plazmatik membranaga yaqin tashqi qismini ektoplazma, ichki, yadroga yaqin joylashgan organoidlarga boy qismini endoplazma deyiladi. O’simlik hujayralari tsitoplazmasi hayvon hujayralaridan maxsus organoidlar — plastidalar va yirik vakuolalarning bo’lishi bilan farq qiladi.