URUSH

URUSH — ijtimoiy guruhlar, millat (xalq)lar, davlatlar o’rtasidagi nizolarning kuch, odatda, qurolli kuchlar yordamida hal qilinishi. Urushda asosiy va hal qiluvchi vosita sifatida qurolli kuchlardan, shuningdek, kurashishning iqtisodiy, siyosiy, g’oyaviy va boshqa vositalaridan foydalaniladi. Urushlar davlatlar olib boradigan ichki va tashqi siyosat natijasidir. Urush kelib chiqishining omillari turlicha bo’lib, bu omillar Urushning xususiyati va sodir bo’lgan davriga bog’liq. Har qanday turli to’qnashuvni Urush deb bo’lmaydi. Urush oldindan tayyorgarlik ko’rilgan, muayyan maqsad yo’lida olib boriladigan harbiy harakatlardir. Urush holati davlatlar o’rtasida qurolli to’qnashuvsiz ham mavjud bo’lishi mumkin. Masalan, ikki davlat o’rtasida Urush harakatlari to’xtatilgandan keyin ular o’zaro sulh tuzishmasa, Urush holati davom etaveradi. Biroq, endi ular o’rtasida qurolli to’qnashuvlar yuz berishi shart emas. Urushlarni quyidagicha tasniflash mumkin: jahon Urushlari; mahalliy Urush, fuqarolar Urushi; milliy ozodlik Urushlari. Jahon Urushlari dunyoda yetakchilik da‘vosini qiladigan davlatlarni qamrab oladigan katta harbiy kuchlarning qurolli to’qnashuvidir. Mahalliy Urushlar, asosan, ikki yoki bir necha mamlakatlar o’rtasida olib boriladigan Urushlardir. Bunday urushlarning kelib chiqishi ham tomonlarning olib boradigan siyosati va uning natijalariga bog’liq. Milliy ozodlik Urushlari mamlakatni mustamlakachilik zulmidan ozod bo’lishi uchun olib borilgan. Tarixda Urushlar dunyo siyosiy xaritasining qayta shakllanishiga, chegaralarni qaytadan belgilanishiga sababchi bo’lgan. Urushlar tufayli ko’p davlatlar o’zini saqlab qolmay, imperiyalarga qo’shilib ketgan. Urushlar ayrim davlatlarning parchalanishi, bo’linishiga olib kelib, ularni parokanda ahvolga solib qo’ygan.