Vodoprovod va kanalizatsiyani kim ixtiro qilgan?

Ikkita hayotiy jihatdan o’ta muhim santexnika tizimi mavjud: vodoprovod va kanalizatsiya. Vodoprovod — bu, yer ostida yotqizilgan magistral vodoprovoddan uylarga suv yetkazib beradigan quvurlar va jo’mraklar tizimi. Kanalizatsiya — xuddi o’shanday quvurlar tizimi bo’lib, faqat u orqali oqova suvlar uydan oqib chiqadi va ko’chadagi kanalizatsiya quduqlarga kelib tushadi. Ular xususida bizga qadar ma’lumotlar yetib kelgan dastlabki shunday tizimlar taxminan 4000 yil oldin vujudga kelgan. O’rtayer dengizidagi Krit orolida qazish ishlari o’tkazgan qadimshunoslar o’sha zamonning vodoprovod va kanalizatsiya tizimi mavjud bo’lgan saroyini topishgan. Suv bilan ta’minlash tizimi suv oquvchi kanallardan tashkil topgan. Suv bu kanallarda yomg’irdan va qor eruvidan keyin yig’ilardi. Suv kanallardan tik burg’ularga, burg’ulardan esa yuvinish va hojat xonalariga kelib tushardi. Oqava suvlar terrakotlar — kuydirilgan tuproqning bir xilidan yasalgan quvurlar orqali tashlab yuborilardi. Bu quvurlar bir-biriga ulash oson bo’lgan tarzda yasalgandi: bir quvurning ilmoqli uchini keyingisining keng dahaniga qo’yishar, tutashmalar sement bilan suvalar edi. Metall quvurlardan birinchi bo’lib rimliklar foydalanishgan. Quvurlar qo’rg’oshindan tayyorlangan. Bu quvurlarni o’rnatuvchi ishchilarni bizda — vodoprovodchilar deyishadi. Qadimgi rimliklar esa «qalayi ishlar ustalari» deb atashgan. Endilikda qo’rg’oshindan ba’zi ba’zida ayrim maxsus truboprovodlarda foydalaniladi. Odatda esa quvurlarni po’lat, mis, jez, temir, beton va plastmassadan tayyorlashadi.