Yetti mo’jiza

Yetti mo’jiza-qadimgi dunyoda mashhur bo’lgan me’morchilik va haykaltaroshlik obidalari. Ulkanligi, katta mahorat bilan yaratilgani, jozibadorligi tufayli asrlar mobaynida “Dunyoning yetti mo’jizasi” hisoblangan: 1) Misr ehromlari-yo’nib tayyorlangan katta toshlardan piramida shakli qurilgan Qadimgi Misr fir’avnlarining maqbaralari (miloddan avvalgi 2-3-mingyilliklar). Ularning eng yirigi-Xeops ehromi (balandligi 146, 6 metr, asosi 233×233 metr)ning har biri 2,5 tonnalik 2300000 blok bilan (ba’zi qismlarida 30 tonnalik bloklar ham bor) 30 yil mobaynida qurilgan, go’rxonadan tashqari ikki qavatli ibodatxonasi ham bor; 2) “Semiramida osma bog’lari”-Ossuriya malikasi Semiramida (Shammuramat) Bobilda maxsus inshootlar qurdirib bunyod etgan (miloddan avvalgi VI asr); 3) Rodos orolidagi Artemida ibodatxonasi (taxminan miloddan avvalgi 550 yil); 4) Zevsning Yunonistonning Olimpiya shahridagi ulkan haykali (taxminan miloddan avvalgi 430 yil, haykaltarosh Fidiy oltin va fil suyagidan ishlagan); 5) Rodos oroli ko’rfazidagi yunonlarning quyosh ma’budasi Gelios haykali (taxminan miloddan avvalgi 292-280 yillar, haykaltarosh Xaros misdan ishlagan); 6) Kariya shohi Mavsol (mavzoley uning nomidan) o’zi uchun qurgan Galikarnas (hozirgi Turkiya hududi)dagi maqbara-monument (taxminan miloddan avvalg i377-352 yillar); 7) Iskandariya (Aleksandriya) shahridagi ulkan mayoq (taxminan miloddan avvalgi 280 yilda, me’mori Sostrat). Yetti mo’jizadan faqat Misr ehromlari deyarli butun holda saqlangan, ba’zilari (Artemida ibodatxonasi, Galikarnasdagi Mavsol maqbarasi)ning ayrim bo’laklaridan, qolganlari qadimgi yozma manbalardangina ma’lum.