Nabokov Vladimir Vladimirovich

Nabokov Vladimir Vladimirovich [asl nomi; taxallusi sirin; 1899.10(22).4, Peterburg – 1977.2.7, Shveytsariya] — rus yozuvchisi. Ingliz tili va madaniyatiga ixlosmand boy dvoryan oilasida dunyoga kelgan. Bir necha Yevropa tillarini mukammal bilgan Nabokov 1914-17 yillarda otasining mablag’i hisobiga ilk she’riy to’plamlarini chop etgan. 1919 yilda Angliyaga borib, kembrij universitetida tahsil ko’radi, 1922 yil esa Berlinga ko’chib o’tadi. Nabokov shu yerda rus muhojirlarining «rul» gazetasida, shuningdek, «zamonaviy bitiklar» jurnali (Parij) da sirin (jannat qushi) taxallusi ostida she’r va hikoyalarini e’lon qiladi. «Mashenka» (1926) romani va undan keyingi «Chorbaning qaytishi» (1928) lirik novellalari, mashhur shaxmatchining hayot fojiasiga bag’ishlangan «Lujin himoyasi» (1930) qissasi va boshqa asarlari Nabokovga Shuhrat keltiradi. Nabokov rus tilida 9 roman («Qirol, dama, valet», «iste’dod» va boshqalar), bir qancha pesa («o’lim», «voqea», «Valsning kashf etilishi» va boshqalar), hikoya va she’rlar yozgan. Uning ijodiy uslubida mistifikasiya, turli-tuman o’yinlar, xayolot va alahsirashlar, parodiyalar, kutilmagan syujet qurilmalari ustuvorlik qiladi. Nabokov 1940 yilda AQShga ko’chib borib, asosan, ingliz tilida ijod etgan. «Sebastian Naytning chinakam xayoti», «Ada», «nursiz olov», «Lolita», «Yorqin narsalar»,»Arlekinlarga bir qara!»singari romanlari, «Yevgeniy Onegin»ning tarjimasi va Pushkin asariga yozgan 3 jildli izohlari Nabokov adabiy merosining asosiy qismini tashkil etadi. As: Mashenka, Zatshita Lujina. Priglashenie na kazn. Drugie Berega, M., 1988; Lolita, M., 1989.