Nazarov Qurbon

Nazarov Qurbon (1909.1.1 — Qo’qon — 1989.10.9) — aktyor, rejissyor. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1964). Samarqand qishloq xo’jaligi texnikumida (1924-26), Moskva badiiy akademik teatri studiyasida ta’lim olgan (1930-32). Ijodiy faoliyatini Samarqand «ko’k ko’ylak» teatrida aktyor sifatida boshlagan (1926). 1932— 73 yillar Qo’qon teatrida aktyor, rejissyor. Nazarov ijodiga o’tkir xarakterli obrazlar yaqin bo’lib, sahnada Solihboy (Hamza, «boy ila xizmatchi»), Boboxon (S. Abdulla; T. Jalilov, «Tohir va Zuxra»), Xusrav (Xurshid; V. Uspenskiy, «Farhod va Shirin»), Husayn Boyqaro (uyg’un, I. Sulton, «Alisher Navoiy») kabi bir qancha yorqin rollar o’ynagan. Rejissyor sifatida «Malikai Turandot» (K.Gossi), «Gulsara» (K. Yashin, M. Muhamedov; T. Jalilov), «Arshin mol olon» (U. Hojibekov), «Navbahor», «Parvona» (Uyg’un), «Oltin devor» (E.Vohidov) va boshqa asarlarni sahnalashtirgan. «Tohir va Zuhra», «Furqat», «Ulug’bek yulduzi» va boshqa filmlarda suratga tushgan.