Okulyar

Okulyar (lotincha ocularus — ko’zga oid) — murakkab optik asbob (kuzatish trubasi, mikroskop, durbin)ning kuzatuvchi qaraydigan qismi. Bitta linza yoki linzalar tizimidan iborat bo’ladi. Ob’yektiv boshqa optik tizimlar (masalan, prizma, kollimator) bilan hosil qilgan tasvir Okulyar yordamida ko’riladi. Dastlab (1609 yil) Okulyarlar astronomik ko’rish trubalarida ishlatilgan (Galiley Okulyarlari). Keyinchalik niderland olimi X. Gyuygens (17-asr) va ingliz olimi J. Ramsden (18-asr) ikki xil Okulyar kashf qilishgan. Ular amalda hozirgacha ishlatiladi. Bunday Okulyarni ob’yektiv bilan birga yasab buyumning tasviri olinadi. 19-asr oxirlaridan, ayniqsa, harbiy optika rivojlanishi munosabati bilan durbin, periskop va boshqalarda takomillashtirilgan Okulyarlar ishlatiladi. Okulyarlar musbat va manfiy linzali bo’lishi mumkin. Musbat linzali Okulyar o’zidan o’tayotgan yorug’lik nuri dastasini to’playdi (toraytiradi), manfiy linzali Okulyar nur dastasini sochadi (kengaytiradi). G. Galiley Okulyarlari manfiy linzali oddiy (kuzatish burchagi kichik), X. Gyuygens va J. Ramsden Okulyarlari musbat linzali bo’lgan. Ularda kuzatish burchagi katta (kengroq)ligi uchun hozirgacha ishlatiladi. Okulyarlarning asosiy optik xossasi fokus masofasi (linzaning bosh fokusidan uning optik markazigacha bo’lgan masofa), odatda, 15-25 millimetr bilan ifodalanadi. Okulyarning aniq ko’rsatishi shu masofaga bog’liq bo’ladi.