O’SISHNI BOSHQARUVCHI MODDALAR

O’SISHNI BOSHQARUVCHI MODDALAR — o’simliklarning generativ va o’sish jarayonlarini jadallashtiruvchi yoki sekinlashtiruvchi (susaytiruvchi) bir qator tabiiy va sintetik birikmalar. O’sishni tezlashtiruvchi moddalar (o’sish stimulyatorlari) va o’sishni to’xtatuvchi moddalar (o’sish ingibitorlari)ga bo’linadi. Qishloq xo’jalik ekinlariga ishlov berishda qo’llaniladi. Tabiiy o’sishni tezlashtiruvchi moddalarga fitogormonlar, shuningdek, ba’zi vitaminlar; sintetik o’stiruvchi moddalarga geteroauksin va uning analoglari, indolilmoy kislota va naftilasetat kislota, maleinat kislota gidrozidi, suktsinat kislota kiradi. O’sishni to’xtatuvchi moddalarga o’simliklarda turli xil kimyoviy, biokimyoviy, fiziologik jarayonlar (urug’ning unishi, poya va uning ayrim qismlarining o’sishi, barglarning to’kilishi va boshqalar) tormozlanishida faol ishtirok etadigan moddalar kiradi. Tabiiy va sun’iy o’sish ingibitorlari farqlanadi. Tabiiy yoki endogen o’sish ingibitorlariga abssizat kislota, skopoletin, eskuletin, kumarin, salisil kislota, poksibenzoat kislota va boshqalar kiradi. Tabiiy o’sish ingibitorlari o’simliklar kuzda o’sishdan to’xtab, tinim holatga o’tish davrida ularning kurtak va urug’larida to’planadi. Ko’klamda o’sish ingibitorlari miqdori keskin kamayadi. Sintetik o’sish ingibitorlariga tsianidlar, mishyakli preparatlar, gidrazin, simob va boshqalar og’ir metallar kiradi. Ularning fitogormonlardan auksinlar, gibberellinlar va tsitokininlar faolligini yo’qotish xususiyatiga egaligi isbotlangan. Sintetik O’sishni boshqaruvchi moddalar golland fitofiziologi F.Kegel tomonidan auksin moddasi (indolilasetat kislota) sintez qilingandan keyin (1931-35) paydo bo’la boshladi. Keyinchalik auksin asosida bir qator yuqori biol. faol preparatlar sintez qilindi. Indolilmoy va naftilasetat kislotalari O’sishni boshqaruvchi moddalar orasida eng yaxshi preparatlar hisoblanadi. Ekishdan oldin auksin, gibberellin va vitaminlar bilan namlanganda ekilgan urug’ning unib chiqishi tezlashadi, ildiz sistemasi yaxshi rivojlanadi, hosildorligi ko’payadi. Dehqonchiliqda O’sishni boshqaruvchi moddalar suvli eritma, pasta, emulsiya, dust, aerozol bug’holida ishlatiladi. Ular o’simliklarning gullashini tezlashtirishda, ko’pchilik madaniy o’simliklarni qalamchadan ko’paytirishda, har xil meva va rezavorlar mevalarini yiriklashti- rishda qo’llaniladi. Vegetasiya davrida (g’ovlab ketish sharoitlari) ayrim ekinlarning o’sishini to’xtatish maqsadida sintetik o’sish ingibitori — xlorxolinxlorid qo’llaniladi. Ad.: Imomaliyev A.I., Dehqonchilikda o’sish regulyatorlarini qo’llash, T., 1965; Polevoy V.V., Fitogormonm, M., 1984.