Qaldirg’ochbiy maqbarasi

Qaldirg’ochbiy maqbarasi, Hazrati Amir maqbarasi — Toshkent shahridagi me’moriy yodgorlik (15-asr 1-yarmi). Shayx Xovandi Tohur majmuasi tarkibida, ko’hna qabristonning shimolda. Maqbara pishiq g’ishtdan (25x25x5 santimetr) Chortoq tarhli (9,48×9,48 metr), bir xonali (tarhi 6×6 metr), qo’sh qavat gumbazli qilib qurilgan; 12 qirrali tashqi kulohsimon cho’qqi gumbazi pishiq g’ishtdan ganch qorishmasida terilgan. Maqbara ichiga Janubiy tomondagi eshik orqali kiriladi, xonadagi tepaga chiqiladigan aylana zinalar qalin Depor ichiga joylashgan; xona o’rtasida shift bor, tagxona ichidan bir necha jasad qoldiqlari topilgan. Maqbara bezaklaridan 15-asrga mansub sharafalarning qoldiqlarigina saqlangan. 1970 yilda tashqi gumbazi ta’mirlangan.