Qo’rg’on

Qo’rg’on — 1) qum, tuproqdan hosil qilingan sun’iy tepa. Qo’rg’on, ko’pincha aylana, oval, to’g’ri to’rtburchak, kvadrat tarhli, atrofi devor bilan o’ralib, ichini qum, tuproq, shag’al bilan to’ldirib sun’iy hosil qilingan. Qo’rg’onlar uzoq o’tmishda mudofaa maqsadlari uchun xizmat qilgan. O’zbekiston hududidagi Tepaqo’rg’on, Chimqo’rg’on, Qumqo’rg’on, Tuproqqo’rg’on, G’ishtqo’rg’on kabi qishloq nomlari shundan; 2) o’rta asrlarda qalin va baland mudofaa devori bilan o’rab qurilgan, asosan, bir darvozali shahar qal’a. Tabiiy tepaliklarda, ba’zan baland supa ishlanib ustida bunyod etilgan; 3) baland devor bilan o’ralgan hovli, atrofi ko’pincha ekinzorlardan iborat bo’lgan; 4) qadimgi qabriston turi (mozorqo’rg’on), Janubiy-Sharqiy Osiyoda jasadni kuydirish rasm bo’lgan xalqlarda marhumning xoki ustiga tulroq tashlangan, shu tarzda tuproq tashlanaverib, Qo’rg’on hosil bo’lgan. Amerika, Yevropa, Shimoliy Osiyoda yog’och, tosh, loy-tuproqdan maxsus inshootlar qurib dafn etiladigan joylar tayyorlangan, bu inshootlar ustiga tuproq yotqizilgan, goh gumbaz bilan yopilgan. Qo’rg’onlarning balandligi 3-6 metr, diametri 3— 4 metr O’zbekistonning Namangan viloyatidagi 1-5-asrlarga mansub Go’rimiron qo’rg’oni (balandligi 1-2 metr, diametri 4-6 metr)da marhumlar sopol idishlar, temir qurollar bilan dafn etilgan. Bunday qo’rgonlar To’ytepa, Chirchiq, Samarqand viloyatidan hamda Lavandak qabristonidan topilgan.