Donolar so’z haqida

Aqling ko’rki – til,
Tiling ko’rki – so’z. Yusuf Xos Hojib

Kishi so’z ila ulg’aydi, bo’ldi malik,
Talay boshni so’z qildi yerga egik. Yusuf Xos Hojib

Er ikki ishi ila qarimas o’zi,
Biri yaxshi fe’lu biri xush so’zi. Yusuf Xos Hojib

So’z betayin dunyodan nomi o’chib ketadur. Ahmad Yugnakiy

Ulkim anga mo’jizatek so’z kerak,
Yo ko’ribon anglagutek ko’z kerak. Haydar Xorazmiy

Ma’ni daryoyu gavharidir so’z,
Bir-birin mag’zu javharidir so’z.
Gar jahonni desak misoli sadaf,
So’z uning durri, unga shonu sharaf. Abdurahmon Jomiy

Oftob bilan oy ham so’z birla ravshan,
Falak aylanishin bilgil so’z bilan. Abdurahmon Jomiy

So’z tiniq keladi ko’ngilga zilol,
Takrordan keladi ko’ngilga malol. Abdurahmon Jomiy

So’zdurki nishon berur o’likka jondin,
So’zdurki berur jong’a xabar jonondin,
Insonni so’z ayladi judo hayvondin,
Bilki, guhari sharifroq yo’q ondin. Alisher Navoiy

Ma’dani inson gavhari so’zdurur,
Gulshani odam samari so’zdurur. Alisher Navoiy

Ko’ngil durji ichra guhar – so’zdurur,
Bashar gulshanida samar – so’zdurur. Alisher Navoiy

So’z guharig’a erur ancha sharaf,
Teng bo’la olmas anga gavhar – sadaf.
Ganj berib bo’lmas ekan tutsa ko’z,
Ulcha qilur vaqtida bir yaxshi so’z. Alisher Navoiy

Birovningkim birovdin ko’ngli qolur,
Kishi yuz so’z birla ko’nglin olur. Bobir

So’z duridur javohiri jondin aziz,
Balki erur ikki jahondin aziz. Nishotiy

So’zdin erur har tan aro jon dog’i,
Jon demayin gavhari imon dog’i. Nishotiy

Lahja aro bo’lmasa so’z joni yo’q,
Har kishi jon demaki imkoni yo’q.
So’z duridun kelturubon anga dil,
Tirgizur oni gar esa murdadil. Nishotiy

So’zdur inson ko’nglida bir gavhari qiymatbaho,
Oni xor etma debon har hushi yo’q hayvong’a so’z. Xiromiy

Ko’ngul bahrini so’z erur gavhari,
Jahon boshini so’z erur afsari. Xiromiy

So’zni gavhar demishlar o’tkonlar,
Fazl do’konini yurutkonlar. Komil Xorazmiy