Nomusga tegish

Nomusga tegish – zo’rlik ishlatib, qo’rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy aloqa qilish. Ushbu jinoyatning jabrlanuvchisi faqat ayol kishi, nomusga tegishning sub’ekga esa ayolning xohishi, erkiga qarshi u bilan jinsiy aloqaga kirishgan erkak hisoblanadi. Ko’pincha jinoyatning motivi jinsiy extiyojni qondirishdan iborat bo’ladi. Ammo sud amaliyotida jinoyat sodir etishning motivi sifatida o’ch olish, ayolni sharmanda qilish, oilani haqorat qilish, ayol kishini erga tegishga majbur qilish va hokazolar ham uchrab turadi. Nomusga tegish vaqtida aybdor jismoniy va ruhiy zo’rlik ishlatishi mumkin. Nomusga tegish jinoyatini sodir etishdagi qo’rqitish jabrlanuvchining qarshiligini yengish maqsadida unga yoki unga yaqin kishilarga nisbatan ishlatiladigan turli xil ruhiy ta’sirlarni anglatadi. Jabrlanuvchining ojizligidan foydalanish deyilganda jabrlanuvchining o’ziga nisbatan sodir etilayotgan harakatlarning xususiyati va mohiyatini anglay olmasligi yoxud sodir etilayotgan harakatlarning xususiyatini anglasada, aybdorga qarshilik ko’rsatish imkoniyatiga ega bo’lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilishi tushuniladi. O’zbekiston Respublikasining JK bo’yicha, Nomusga tegish ayollarning jinsiy erkinligi va jinsiy daxlsizligiga qaratilgan eng og’ir tajovuzlardan biridir. Voyaga yetgan ayollarning jinsiy erkinligi, 16 yoshga to’lmagan ayol jinsidagi shaxslarning jinsiy daxlsizligini ta’minlovchi ijtimoiy munosabatlar jinoyat qonuni bilan muhofaza qilinadi. Nomusga tegish jinoyatini sodir etgan shaxs uchun belgilangan jazoning eng oz muddati 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishdir. Javobgarlik o’ta og’irlashtiruvchi holatlarda sodir etilgan deb topilsa, aybdorga 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan maxrum qilish jazosi tayinlanadi (O’zbekiston Respublikasining JK, 118-modda). Mirzayusuf Rustamboyev.