Noruda (nometall) foydali qazilmalar

Noruda (nometall) foydali qazilmalar — sanoat va qurilishda tabiiy holatda yoki turli xil ishlov berilgandan keyin foydalaniladigan, shuningdek, ulardan nometall elementlarni yoki ularning birikmalari ajratib olinadigan yonmaydigan qattiq tog’ jinslari yoki minerallar. Ulardan kompleks foydalanish mumkin. Noruda foydali qazilmalar turi yuzdan ziyod. Qazib olish va ulardan foydalanish bo’yicha eng muhim xom ashyolar qatorida turadi. Noruda foydali qazilmalarning hozirga qadar sistemalashtirilgan yagona tasnifi yo’q. Odatda foydalanish sohasiga qarab 4 guruhga bo’ladilar: konchilik-kimyo hom ashyosi — apatit, galit, tug’ma oltingugurt, oltingugurt kolchedani, barit, tabiiy tuz va boshqalar (bularning aksariyatidan mineral o’g’it ishlab chikariladi); konchilik-metallurgiya xom ashyosi — o’tga chidamli materiallar ishlab chiqarish, flyus sifatida ishlatiluvchi qoliplash materiallari (gil va qumlar); qurilish materiallari — noruda qurilish ma-teriallari, keramika va shisha xom ashyosi, bog’lovchi materiallar uchun xom ashyo, mineral bo’yoklar, issiqlik va shovqin o’tkazmaydigan materiallar; nometall ruda xom ashyosi — texnik kristallar (olmos, pezokvars, Islandiya shpati, muskovit, agat va boshqalar), qimmatbaho va zebu ziynat buyumlari yasashda ishlatiladigan toshlar (zargarlik olmosi, Zumrad, yoqut, topaz, malaxit, Feruza, qahrabo va boshqalar); bu toifaga yana, odatda, asbest, talk, grafit, korund, najdakni xam kiritadilar. Texnika taraqqiyoti jarayonida Noruda foydali qazilmalar tarkibiga tobora yangi tog’ jinslari va minerallar qo’shilib bormoqda.