Oppengeymer (Oppenheimer) Robert

Oppengeymer (Oppenheimer) Robert (1904.22.4, Nyu-York — 1967.18.2, Prinston) — amerikalik fizik. Garvard universitetini tugatgan (1925), Kembrij va Gyottingen universitetlarida ham o’qigan (1925-27). Leyden va Syurixda ishlagan (1928-29), Kaliforniyadagi universitet va texnologiya instituti professor (1929), Prinstondagi fundamental tadqiqotlar instituti direktori (1947 yildan). Ilmiy ishlari kvant mexanika, kosmik nurlar fizikasi, nisbiylik nazariyasi, elementar zarralar fizikasi, neytron yulduzlar nazariyasiga oid. 2-jahon urushi yillari (1939-45)da Los-Alamosdagi yadro laboratoriyasiga rahbarlik qilgan, atom bombasining yaratilishida faol ishtirok etgan. Vodorod bombasini joriy etishga qarshilik ko’rsatgani va atom energiyasidan faqat tinch maqsadlarda foydalanish tarafdori bo’lganligi uchun 1954 yilda maxfiy ishlar bilan bog’liq bo’lgan barcha vazifalaridan chetlatilgan.