Oslo

Oslo (1624-1924 yillarda Kristianiya) — Norvegiya poytaxti. Osloford sohilida, 300-400 metr balandlikda. Iqlimi mo’tadil. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -5° gacha, iyulniki 16°. Yillik yog’in 677 mm. Aholisi 507,4 ming kishi (2000). Shaharga 1048 yilda asos solingan. 13-asr oxiri — 1380 yillarda Norvegiya qirollarining qarorgohi. 1572 yildan Daniyaga qarashli Norvegiyaning ma’muriy markazi. 1624 yilgi yong’indan keyin shahar eski o’rnidan nariroqda qayta qurilgan va Kristianiya deb nomlangan. 1924 yildan Oslo deb atala boshladi. 1814 yildan mamlakat poytaxti. 1940 yil 9 apreldan 1945 yil 8 maygacha shaharni nemis fashistlari qo’shini okkupatsiya qilib turgan. Oslo — Norvegiyaning eng katta iqtisodiy va madaniy markazi, yirik dengiz porti. Port orqali mamlakat tashqi savdo yuklarining 1/3 qismi o’tadi. Temir yo’l tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Oslo va uning atrofidagi korxonalar Norvegiyada ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotining 25%ni beradi. Mashinasozlik va metallsozlik sanoati tarmoqlari rivojlangan. Energetika va kema ta’mirlash, elektrotexnika va radioelektronika, metallurgiya, yog’ochsozlik, to’qimachilik, poligrafiya, oziq-ovqat va boshqa sanoat korxonalari bor. Me’moriy yodgorliklardan Qirol saroyi, sobor, Milliy teatr va universitet binolari, ratusha va boshqalar saqlangan. Metropoliten qurilgan. Shaharda bog’ ko’p. Universitet (1811), konservatoriya, drama va opera teatrlari, Norvegiya Fanlar Akademiyasi, muzeylar, Milliy galereya bor. Bogdyo yarim orolidagi muzeyda F. Nansen va R. Amundsenlarning «Fram» kemasi, T. Xeyerdalning «Kontiki» Soli saqlanmoqda. Oslo chang’i sporti markazlaridan. 1952 yilda shaharda 6-qishki Olimpiada bo’lib o’tgan.