Qorabuzov

Qorabuzov, kichik qoravoy — kurakoyoqlilar turkumining qoravoylar oilasiga mansub qush. Janubiy Yevropa, Kichik va O’rta Osiyoda tarqalgan. O’zbekistonda ham tekislikdagi suv havzalarida uchraydi. Dengiz va chuchuk suvli havzalarning orollarida, qamishzor va daraxtzor qirg’oqlarida yashaydi. Suvda yaxshi suzadi va sho’ng’iydi. 3-5 yoshida voyaga yetadi. Uyasini koloniya bo’lib qamishlar, o’tlar orasiga, daraxtlarga quradi. Mart — aprel oylarida 4-6 ta tuxum qo’yib, 28-29 kun bosadi. Bolalari iyun — iyul oylarida mustaqil hayot kechirishga layoqatli bo’ladi. Faqat baliqlar bilan oziqlanadi. Havza baliqchilik xo’jaliklariga zarar keltiradi. Tabiat va tabiiy resurslarni muhofaza qilish xalqaro Ittifoqi qizil ro’yxatiga va O’zbekiston qizil kitobiga kiritilgan.