Qoraqo’l

Qoraqo’l (1889-1921 va 1939-90 yillarda Prjevalsk) — Qirg’iziston Respublikasi Issiqko’l viloyatidagi shahar, viloyat markazi. Terskay Olatovining shimol etagida, Qoraqo’l daryosi bo’yida. Avtomobil yo’llari chorrahasi. Aholisi 64,3 ming kishi (1999). 1871 yildan Jetisuv viloyatidagi uezd shahri. Oziq-ovqat, meva-sharob, g’alla mahsulotlari, shu jumladan, non, baliq zavodlari, sut, go’sht kombinatlari va yengil sanoat (poyabzal va tikuvchilik fabrikalari); elektr-texnika zavodi, elektr issiklik markazi, aeroport bor. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi (temir-beton qorishmalari, g’isht-shag’al zavodlari). Pedagogika instituti, Issiqko’l universitetining oliy iqtisod kolleji, o’lkashunoslik muzeyi mavjud. Qoraqo’l atrofida «Oqsuv» va «Jetio’g’iz» balneologik kurortlari joylashgan.