Golf qayerda paydo bo’lgan?

Bizning bilishimizcha, golf Shotlandiyada vujudga kelgan. Ammo tarixga teran nazar tashlaydigan bo’lsak, golfning ildizlari olis o’tmish qa’ridan suv ichishini ko’ramiz. Rim imperiyasining ibtidosi zamonida paganik degan o’yin mavjud bo’lgan. Uni ichiga par joylangan charm to’p va klyushka sifatida foydanilgan uchi qayrilgan kaltakcha bilan o’ynashardi. Golfni eslatuvchi o’yin Angliyada taxminan o’n to’rtinchi yuzyillikning o’rtalarida mavjud bo’lganligi xususida ma’lumotlar bor. Britaniya muzeyidagi XVI asrga mansub bir kitobda chuqurcha yonida turgan uch o’yinchining tasviri chizilgan jajji rasm saqlangan. XV asrda golf Shotlandiyada shu qadar ommalashib ketadiki, hatto odamlarga bu o’yinni man etuvchi qonunlar paydo bo’ldi, chunki golf judayam ko’p vaqtni olar edi. Aytib o’tilganlardan tashqari, golfga diziqish odamlarni harbiy tayyorgarlikka bepisand qarashlariga olib keldi, shuningdek ular yakshanba kunlari cherkovga kamroq keladigan bo’lishdi. Golf ancha zamonlardan beri ulug’vor va qadimiy o’yin sifatida ma’lumdir. Qirolzodalar: Yakov IV, Yakov V, Mariya Styuartlar golf o’yiniga qattih qiziqishgan. Golf-klublar o’n sakkizinchi yuzyillikda paydo bo’la boshladi. Dastlabkisi, har holda 1744 yilda tashkil etilgan edi. U Edinburg golf o’yinchilarining oliymaqom kompaniyasi deb atalgan. 1754 yilda asos solingan Qirollik va Ayo Andrey ko’hna Golf-klubi o’yin qoidalariga tuzatishlar kirita boshladi va ularni oxirigacha rasmiylashtirdi. Bu klubning qarorlari Qo’shma Shtatlardan tashqari hamma joyda qabul qilingan edi. 1951 yilda Qo’shma Shtatlarning Golf uyushmasi ham bu qoidalarni ma’qulladi. AQShda 1799 yildan beri golf o’ynaladi. Bu o’yin Qo’shma Shtatlarda doimiy va muntazam o’ynala boshlanishiga qadar oradan yuz yil o’tishi kerak bo’ldi. AQShdagi ilk golf-klubga 1888 yili Nyu-York shtatida joylashgan Yonkers shahrida asos solingan.