Roxshanak

Roxshanak (so’g’dcha — yog’du sochuvchi, yorqin) (Yunoncha Roksana), Ravshanak (? — miloddan avvalgi 310) — Turonzamin go’zali, Baqtriya hokimi Oksiartning qizi, Aleksandr (Iskandar) ning suyukli xotini. Aleksandr O’rta Osiyoni zabt etishi chog’ida (miloddan avvalgi 329-327) ko’plab tog’ qal’alarini qamal qilishiga to’g’ri kelgan. Aleksandrning yurishi boshlaridayoq Oksiart xotini, farzandlarini So’g’d qoyasiga yashirgandi. Aleksandr qal’ani zabt etgach, ko’p asirlar, jumladan, Oksiartning xotini, qizi Roxshanak va boshqa farzandlari uning qo’liga tushadi. Arrianning yozishicha, Aleksandr bir ko’rishdayoq Roxshanakka oshiq bo’lib qolgan va u o’zining asirasi bo’lishiga qaramay unga uylanishga axd qilgan. Aleksandrning askarlari Roxshanak Doro III ning xotinidan so’ng «Osiyoda eng go’zal ayol» ekanligini aytganlar. Bu nikoh oqibatida Aleksandrning eng kuchli raqiblaridan biri, So’g’dda katta obro’ga ega bo’lgan Oksiart «dadillanib» Aleksandr huzuriga kelgan, u qaynatasini izzat-ikrom bilan kutib olib, unga Baqtriya satrapligini topshirgan. Roxshanakning takdiri ham quvonchli, ham ayanchli bo’lgan. Plutarxning yozishicha, Aleksandr vafot etganda Roxshanak homilador edi, shu tufayli makedoniyaliklar unga izzat-ikrom ko’rsatishgan. Roxshanak ulkan saltanat malikasi sifatida 10 yildan ortiq davr surgan. Roxshanak kundoshi Statira (Doroning qizi)ni eridan rashk qilardi. U soxta xat yordamida Statirani huzuriga chaqirtirgan va u singlisi bilan kelganda har ikkisini qatl ettirgan, jasadlarini quduqqa tashlashni, quduqni esa ko’mib yuborishni buyurgan. Bularni u Aleksandrning safdoshi Perdikka yordamida amalga oshirgan. Miloddan avvalgi 310 yil diadoxlar kurashi davrida Diadox Kassandr buyrug’iga ko’ra, Roxshanak yosh o’g’li Aleksandr IV bilan birga qatl etilgan. Faxriddin Hasanov.