Ogaryov Nikolay Platonovich

Ogaryov Nikolay Platonovich [1813.24.11 (6.12), Peterburg 1877.31.5 (12.6), Grinvich (Angliya)] -rus publitsisti, shoiri, jamoat arbobi. 1820 yildan boshlab Moskvada yashagan. 1825-26 yillarda olis qarindoshi A.I.Gersen bilan tanishgan. Dekabristlar harakati va qo’zg’olonining bostirilishidan keyin Rossiyada paydo bo’lgan sharoit ular dunyoqarashining shakllanishiga katta ta’sir kursatgan. 1831 yilda Ogaryov Moskvadagi tashqi ishlar arxiviga ishga va Moskva universitetiga o’qishga kiradi. Ammo oradan bir yil o’tgach, universitetni tashlab, Gersen va boshqa maslakdoshlari bilan birga frantsuz sotsial utopistlari ta’siriga beriladi. 1834 yilda «hukumatga qarshi to’garak» yig’ilishlarida qatnashgani uchun hibsga olinib, 1835 yilda otasi nazorati ostida yashash sharti bilan Penza gubernyasiga surgun qilinadi. 1838 yilda Kavkazda davolanish paytida A.I.Odoevskiy va boshqa surgun qilingan dekabristlar bilan tanishadi. 1840 yildan boshlab she’r yoza boshlaydi va she’rlari V. G. Belinskiy singari tanqidchilar tomonidan iliq kutib olinadi. Ogaryov 1856 yilda Londonga ko’chib borib, Gersen bilan birga chor hokimiyatiga qarshi siyosiy faoliyat bilan shug’ullanadi. Ular «Polyarnaya Zvezda» («qutb yulduzi») almanaxidan tashkari, «Kolokol» («Bong»), «golosa iz Rossii» («Rossiyadan sadolar») singari nashrlarni chiqarish va tarqatish ishlarini yo’lga qo’yadilar. Ogaryov ayni paytda Angliyadagi yosh rus muhojirlari bilan aloqa o’rnatadi, qizg’in siyosiy va adabiy faoliyat bilan shug’ullanadi. Ogaryov ijodining dastlabki bosqichida romantik she’riyat ustuvorlik qilgan. Hatto muhabbat va peyzaj lirikasining go’zal namunalari yaratilgan bo’lsa, keyinchalik publitsistik ohanglar birinchi o’ringa chiqqan. Muhojirlik lirikasi esa ochiqdan-ochiq rus inqilobiy demokratlarining g’oyaviy kurashlariga xizmat qilgan. As: Stixotvoreniya i poemi, M., 1961.