ALYUMINIY SULFAT
ALYUMINIY SULFAT, A12(SO4)3 -sulfat kislotaning alyuminiyli tuzi, rangsiz kristall modda; oddiy sharoitda A12(SO4)318H2O oq rangli kristallogidrat holida bo’ladi. 100 gramm suvda 36,15 gramm eriydi, spirtda erimaydi. Kristallogidrat qizdirilganda asta-sekin suvini yo’qotadi, yuqori temperaturada alyuminiy oksidi va oltingugurt gaziga parchalanadi. Ishqoriy metallarning sulfatlari bilan birikib, qo’sh tuzlar — achchiqtoshlar hosil qiladi. Texnik Alyuminiy sulfat boksit yoki giltuproqqa sulfat kislota ta’sir ettirib, sof holdagi Alyuminiy sulfat esa alyuminiy gidroksidni qaynoq kontsentrlangan sulfat kislotada eritib olinadi. Alyuminiy sulfat suv tozalash, qog’oz ishlab chiqarish, to’qimachilik va teri oshlash sanoatida ishlatiladi.