Naqshi Rustam

Naqshi Rustam – Sheroz (Eron) dan 50 kilometr, qadimgi Istahr shahri (Taxti Jamshid) yaqinida joylashgan Husaynko’h qoyalaridagi Axomaniylar sulolasi podshohlarining maqbaralari hamda kitobalari. Naqshi Rustam Eron sarkardasi — sosoniylardan Yazdigard III armiyasi bosh qo’mondoni Rustam (636 yil arablar bilan bo’lgan jangda halok bo’lgan) nomiga qo’yilgan. Naqshi Rustam Doro I, Artakserks I va Doro II larning Ko’hi rahmat bag’riga kavlab joylashtirilgan maqbaralaridan iborat. Doro I maqbarasi to’rtburchak shaklida, zardushtiylik an’anasi asosida yaratilgan bo’lib, eng qadimgi yodgorlikdir. Maqbaradan pastda, chap tomonidagi relefda Sosoniylar podshosi Shopurning Rim imperatori Valerian ustidan g’alabasi (milodiy 260 yil) va Valerianning ot minib turgan Shopur I oyog’iga tiz cho’kib, bosh egib turgani tasvirlangan. Relef ostidagi yozuvda forslarning Zakavkazega yurishi ifodalangan (milodiy 262 yil). Maqbaralarning qarshisida burj — Zardusht Ka’basi joylashgan. Uning tomi katta hajmdagi yassi tosh plitalar bilan yopilib, devorlarida deraza o’rnida ochiq joylar qoldirilgan. Eron, Kavkaz va O’rta Osiyo aholisi uylariga o’xshatib qurilgan burjning devorlariga paxlaviy, parfyan va yunon yozuvlarida Sosoniylar daalati tarkibiga kirgan mamlakatlar, bu ziyoratgohga keltirilgan hadyalar ro’yxati berilgan. Naqshi Rustam manzaralari va kitobalari Axomaniylar va sosoniylar bosib olgan mamlakatlar va xalqlar tarixi, etnografiyasi va madaniyatini o’rganishda muhim manbadir. Hamidjon Hamidov.