Obimashad arig’i

Obimashad arig’i, Obimashhad arig’i — Samarqand shahrining shimoliy- Sharqiy qismida joylashgan shu nomdagi bulokdan boshlangan ariq. Aslida Obimashad arig’i Siyob anhorining irmoqlaridan bo’lib, Samarqanddan kesib o’tgan Novadon, Siyobcha, Jarariq kabi suv manbalari bilan bir qatorda shaharning suv ta’minoti va atrofidagi dehqonchilik va bog’dorchilik yerlarini sug’orishda muhim ahamiyat kasb etgan. Obimashad arig’ining suvi samarqandliklar o’rtasida muqaddas sanalgan. Rivoyatlarga ko’ra, Qusam ibn Abbos ibn Abdulmutallib (Muhammad payg’ambarning amakivachchasi) Obimashhad bulog’ining yoqasida shahid bo’lib, uning yaqiniga dafn etilgan. Shu boisdan uning mozori «Mashhad», ya’ni, shahid bo’lgan yer deb atalgan. Har yili Navro’zda shahar aholisi Obimashad arig’i sohillarida to’planib «Qozon to’ldi», «boy bo’ldi» va «gunoh to’kildi» deb atalgan turli sayil va marosimlar o’tkazganlar hamda uning suvi bilan tahorat olib g’usl etganlar. Obimashhad qadimda aslida «Obimaskat» shaklida talaffuz etilib, u «katta qishloqning suvi» (ya’ni arig’i) nomini anglatgan. Ad.: Muhammadjonov A. R., Quyi Zarafshon vodiysining sug’orilish tarixi (Qadimgi davrdan to XX asr boshlarigacha), T., 1972; Abu Tohirxoja, Samariya, T., 1991.