Qo’shaloq yulduzlar

Qo’shaloq yulduzlar – tortishish kuchlari ta’sirida komponentlari massalarining umumiy markazi atrofida elliptik orbita bo’ylab harakatlanuvchi, bir-biriga yaqin joylashgan 2 ta yulduz; komponentlari dinamik bog’liq bo’lgan fizik sistemani tashkil etadi. Qo’shaloq yulduzlarning vizual, spektral, to’siluvchan va boshqa turlari mavjud. Vizual Qo’shaloq yulduzlar teleskop orqali kuzatilganda komponentlarini bir-biridan ajratish mumkin va ularning yorqinliklarida unchalik katta farq sezilmaydi. Spektral Qo’shaloq yulduzlarning komponentlari yaqin bo’lgani uchun teleskoplar orqali bir-biridan ajratib bo’lmaydi. Ularning qo’shaloqligini spektridagi davriy o’zgarishlaridan (davriy siljishlari yoki spektr chiziqlarining davriy ikkiga ajralishidan) bilish mumkin. Agar ikkala komponent bir xil yorqinlikka ega va, ayniqsa, ikkalasi bir spektral sinfga mansub bo’lsa, unda chiziqlarning davriy ajralishi va qo’shilishi aniq bilinadi. Agar faqat bitta komponentning chiziqlari ko’rinsa, unda ular davriy ravishda qandaydir bir o’rtacha vaziyat atrofida tebranib turadi. Dopler qonuni chiziqlarning siljishi va ikkiga ajralishi komponentlari massalarining umumiy markazi atrofida orbital harakatidan kelib chiqadi deb tushuntiradi. Spektrdagi chiziqlarning siljishini o’lchashdan komponentlarning nur tezliklari o’zgarishini aniqlash mumkin. To’siluvchan Qo’shaloq yulduzlarda uning orbita tekisligi kuzatuvchiga qulay bo’lgan yon tomondan ko’ringanda yulduzlardan biri ikkinchisini ma’lum vaqtga to’sib qo’yadi. Ularning davrlari bir necha soatdan bir necha yilgacha boradi. Yorqinliklarining kamayish darajasi va nisbiyligi yulduzlarning o’lchamlariga, ularning orasidagi masofaga, yorqinliklarining farqiga va orbitalarining qiyaligiga bog’liq. Ayrim holda fizik qo’shaloqlarning komponentlari bir-biridan ancha olisda joylashgan, lekin ularning xususiy harakatlari, parallakslari va nur tezliklari yaqin bo’ladi. Bunday yulduzlar keng juftlarni tashkil etadi. Fazoda ularning komponentlarini minglab, hatto o’n minglab astronomik birliklar ajratib turadi. Agar ularning komponentlari bir-birining atrofida harakatlanayotgan bo’lsa, aylanish davrlari millionlab yillarga teng bo’ladi. Shuningdek, komponentlari bir-biriga juda yaqin joylashgan zich qo’shaloq sistemalar mavjud. Ularning ajralgan, yarim ajralgan va kontaktli turlari kuzatiladi.