Oqchil

Oqchil — ayollarning jinsiy a’zolaridan ajraladigan chiqindi; qinda doim bo’ladi. Odatda, jinsiy a’zolarning teri yoki shilliq qavatlarini qizartirmaydi. Hayz ko’rishdan oldin, homiladorlik va chilla davrida, shuningdek, qizlar balog’atga etish davrida Oqchil ko’proq ajraladi, chunki bu vaqtda jinsiy a’zolarga qon ko’p quyilib, tuxumdon funktsiyasi kuchayadi. Doim Ozoda yuradigan ayollarda Oqchil ajralishi sezilmaydi. Oqchilning rangi, hidi o’zgarsa (sarg’imtir-yashil, suyuq yoki quyuq, qo’lansa) yoki odatdagidan ko’p ajralsa, ayol jinsiy a’zolari sohasida achishish, qichishish sezadi; shu soha doim namlanib turadi. Jinsiy a’zolarning turli kasalliklari (masalan, vulvovaginit va boshqalar) yoki organizmning umumiy kasalliklari (masalan, sil, kamqonlik, qandli diabet), shuningdek, yurak kasalliklarida Oqchil ko’p ajraladi. Ayollarda qin devori pastga tushganda, oraliq yirtilganda, shaxsiy gigiena qoidalari buzilganda, homiladorlikdan saqlanish vositalaridan nojoiz foydalanganda va boshqa hollarda ham Oqchil ko’p ajralishi mumkin. Oqchil kelishi o’zgarganda darhol mutaxassis vrachga uchrashish va tegishli maslahatlar olish lozim.