Qo’ziboyev Ne’mat Mirzaboyevich

Qo’ziboyev Ne’mat Mirzaboyevich (1929.20.7, Farg’ona – 2004.14.5, Toshkent) — rangtasvir ustasi, O’zbekiston Badiiy Akademiyasi akademik (1997), O’zbekiston xalq rassomi (1970). Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurti (1947) va Leningrad rassomlik, haykaltaroshlik va me’morlik instituti (1953)ni tugatgan. 1953 yildan Respublika rassomlik bilim yurtida, 1959 yildan Toshkent teatr va rassomlik san’ati instituti (hozirgi Milliy rassomlik va dizayn instituti)da pedagog, 1984 yildan professor (1985 yildan Qo’ziboyev ustaxonasi mavjud bo’lgan). Qo’ziboyev ijodi badiiy uslubining ifodaliligi bilan diqqatga sazovor; asarlarida mazmunning teranligi, davr ruhi, kishilar kayfiyatini ifodalashda mahorati namoyon bo’ldi: «O’zboy o’zanida», «qidiruvchilar», «Yangi yo’l», «cho’ponlar huzurida» kabi maishiy janrga oid asarlar, «Yunus Rajabiy», «Mirshohid Miroqilov», «Nodirabegim», «Abdulla Qodiriy» «Ibn Sino», «Beruniy». «Navoiy va Sulton Husayn», «Navoiy portreti. Qush tili» kabi portretlar, «Bahor», «Farg’ona vodiysi», «Qo’qon manzarasi» kabi tasvirlar va boshqalar. Qo’ziboyev asarlari bilan respublika va xalqaro ko’rgazmalarda ishtirok etgan; asarlari respublika va chet el muzeylari va xususiy to’plamlarda saqlanadi. «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (1998). Ad.: Ne’mat Qo’ziboyev (katalog), olmaota, 2005.