Romans

Romans (ispancha romanice — romancha, roman tiliga oid) — kamer musiqa janri, cholg’u jo’rligida yakkaxon xonanda ijrosiga muljallangan musiqiyshe’riy asar. O’rta asrlar va Uyg’onish davrida paydo bo’lgan Romans 18-asr oxirida keng tarqalgan va aslzodalarning nafis majlislarida ijro etilib kelgan Madrigal (ishqiy mavzudagi qofiyasiz she’r) ruhidagi qo’shiqlarni siqib chiqargan. Romans, asosan, kichik hajmdagi, band tizimiga asoslangan, qisqa satrlardan iborat lirik she’rlarga kuylangan. Yevropa xalqlari she’riyatida Sh. Milvua, E. Parni, rus she’riyatida esa V. A. Jukovskiy, A. S. Pushkin she’riyatiga yozilgan Romanslar, ayniqsa, mashhur bo’lgan. Romans o’zbek shoirlari va kompozitorlari ijodiga o’tgan asrning 40-50-yillarida rus Romanslari ta’sirida kirib keldi. S. Yudakov va boshqa kompozitorlar A. S. Pushkinning o’zbek tiliga tarjima qilingan (masalan, «Kuylama, sohibjamol, mening oldimda») she’rlariga Romanslar yoza boshladilar. Shunday Romanslardan so’ng o’zbek musiqasiga rus va Yevropa musiqiy janr hamda shakllarini olib kirish jarayoni boshlangan. 50-yillarda Alisher Navoiy, Hofiz, Fuzuliy, Muqimiy g’azallariga ham yozilgan. M. Burhonov, S. Yudakov, M. Leviyev, I. Akbarov, S. Boboyev va boshqa kompozitorlarning Oybek, Hamid Olimjon, Uyg’un, Zulfiya, Turob tula she’rlariga yozgan musiqalari Romansning eng yaxshi namunalaridan. So’nggi yillarda R. Abdullaev, M. Bafoev, F. Alimov, D. Omonullaeva, H. Rahimov va boshqa kompozitorlar tomonidan Bobur, Nodira, Fitrat va Cho’lpon she’rlariga yozilgan Romanslar o’zbek Romansiadasi taraqqiyotida yangi davr boshlanganidan shahodat beradi.