Romitan

Romitan — Buxoro viloyati Romitan tumanidagi shahar (1981 yildan), tumanning ma’muriy markazi. Yaqin temir yo’l stantsiyasi—Kogon (30 kilometr). Viloyat markazi (Buxoro)dan 17 kilometr. Aholisi 15 ming kishi (2003), asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, qozoq, tatar, rus va boshqalar ham yashaydi. Romitan O’zbekistonning qadimgi shaharlaridan biri. Romitan nomi mahalliy rivoyatga ko’ra, «Romitan» — «tan oromi» dan deyiladi. «Romitan» atamasi turkey Mitan urug’i nomidan kelib chiqqan degan taxminlar ham mavjud. Narshaxiy yozishicha, Romitan katta bir ko’handizga ega va mustahkam bir qishloq bo’lib, Buxorodan qadimiyroqdir. Ba’zi manbalarda bu qishloqni Buxoro deb ataganlar. Romitanda qadimda hukmdorlar turar joylari bo’lgan. Buxoro shahri vujudga kelgandan so’ng ular Romitanda faqatgina qish faslida yashaganlar. Arab sarkardasi Ubaydulloh ibn Ziyod qo’shini 674 yilda Romitanga bosqin uyushtirgan. Buxoroliklarning Arab qo’shini bilan bo’lgan hal qiluvchi jangi Romitan yaqinida Vardonze hududida bo’lib o’tgan. Tabariyning yozishicha, 707 yilda Kutayba Romitanni bosib olgan. Xuroson voliysi Abu Muslim Buxoroga har gal kelganida o’z qarorgohini Romitanda joylashtirgan. Arab geograf va sayyoxdari 10-asrda Buxoro vohasidagi 30 ga yaqin shaharlar qatorida Romitan nomini ham tilga olishgan. Mahmud ibn Banuwmx: «Bahr alasror» (17-asr) asarida yozishicha, Romitan Buxoro viloyatidagi 10 ta tumanning biri, o’rta asrlarda «Samjon» (Romitan tumanining 2-nomi) deb atalgan. Romitan Toshkent—Samarqand—Urganch, Toshkent—Nukus avtomagistral yo’li yoqasida joylashgan. Aholisi va xo’jaliklari Amu — Buxoro mashina kanalidan suv oladi. Shaharda g’isht va paxta tozalash zavodlari, to’quvchilik fabrikasi, bosmaxona, dehqon bozori, novvoyxona, mehmonxona, aloqa bo’limi, bank, madaniy savdo va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor. Umumiy ta’lim maktablari, qishloq xo’jalik kasb-hunar kolleji, madaniyat saroyi, kutubxona, stadion, «g’alaba» madaniyat va istirohat bog’i, kasalxona va dorixonalar mavjud. «Noma’lum askar» yodgorligi qurilgan. Romitanda me’moriy yodgorliklardan Mulla Mir Hakim xonaqosi, Xoja Ali Romitaniy (Xojai Azizon) va Xoja Muhammad Boboyi Samosiy maqbaralari (13-14-asrlar), Zarafshon daryosi ustida qurilgan Choriqulboy ko’prigi saqlangan. Hazrati Xoja Ubbon va Xoja za’faron qadamjo (ziyoratgoh)lari bor. Ad.: Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966; Istoriya atTabari, T., 1987; Mahmud ibn Vali More tayn, T., 1977; naselyonnie punkti Buxarskogo emirata, T.,2001.