Qutlug’murod inoq madrasasi

Qutlug’murod inoq madrasasi — Xivadagi me’moriy yodgorlik (1804-12); Ichan qal’a tarkibida. Olloqulixonning tog’asi Qutlug’murod Inoq qurdirgan; vasiyatiga binoan Miyonsaroy zamini tagiga dafn etilgan. Madrasa to’rtburchak tarhli (57×44 metr), masjid va darsxona (tarhi 5×5 metr), hujralar (3×3 metr), hovli (31,8×27,8 metr) hamda hovli o’rtasidagi Sardoba (diametri 7,15 metr)dan iborat. Qutlug’murod inoq madrasasi Xivada dastlab qurilgan 2 qavatli madrasa bo’lib, Xiva madrasalariga xos bo’lmagan 2 qavatli, 3 ochiq ravoqli, bosh tarzi ochiq va mahobatli qilib bunyod etilgan; bino g’ishtdan loy bilan terilgan, poydevori devoridan yog’och to’sinlar (sardobaniki marmar) bilan ajratilgan. Bosh tarzidagi peshtoq va uning 2 D. yoni 3 ravoqli, burchaklariga guldastalar ishlangan; peshtoq orqali miyonsaroyga kiriladi. Miyonsaroy 3 xonali, 2 yonida madrasa va darsxona joylashgan; masjid va darsxona gumbazi qalqonsimon bag’allarga bog’langan, yozgi masjid pastak gumbaz bilan, hujralar balxi gumbaz bilan yopilgan; sardobaning gumbazi tsilindrsimon poygumbazga o’rnatilgan, poygumbaziga ravoqli aylana yo’lak (balandligi 1,65 metr, eni 0,6 metr) ishlangan. Qutlug’murod inoq madrasasi Xivadagi sirlanmagan va bosma usulida yaratilgan bo’rtma bezaklar qo’llangan yagona yodgorlikdir; peshtog’i, miyonsaroy rangli o’yma ganch bilan ziynatlangan, ravoqlari muqarnaslar bilan to’ldirilgan; sirli koshin va parchinlar bilan qoplab bezatilgan; derazalariga ganch panjaralar ishlangan; o’ymakori eshiklari amaliy san’atning Nodir namunasidir (naqshlar orasida bino qurilgan sana bitilgan).